Foydalanuvchilarga murojaat

Hasanayn.uz sahifasining maqsadi

Alloh taologa hamd-u sanolar, Rasululloh alayhissalomga durud-u salavotlar bo‘lsin!

Azizlar, bu sahifa fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining sevimli shogirdlari, Andijon Qur’on maktabining peshqadam namoyandalari Hasanxon va Husaynxon Yahyo Abdulmajid ustozlarning ilmiy-ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan.

Bir necha muxlislar 2014-yildan boshlab bu qori ustozlarimizning go‘zal tilovatlarini to‘plab yurgan bo‘lsa, keyinchalik ularning taroveh namozlaridagi xatmi Qur’onlari, mavlid va nashidalari, ma’ruza va suhbatlarini, ta’lif etgan kitoblarini, maqola va g‘azallarini, she’rlarini ham bir joyga joylab borish niyati tug‘ildi. Shunday qilib, muxlislarni ustozlarimizning ilmidan, qiroatidan, ijodidan bahramand qilish, kerakli ma’lumotni topishni oson qilish uchun Hasanayn.uz sahifasi tashkil qilindi.

Umid qilamizki, sahifamiz barcha muxlislar uchun chinakam xazina, qulay manba bo‘ladi.

Sizlardan birgina iltimosimiz: sahifadagi kitob, maqola, she’r, tilovat, video va boshqa materiallardan shaxsiy yoki tijoriy maqsadlarda foydalanmang.

Alloh taolo ustozlarimizni hifz-u himoyasida asrasin, ilmlariga, ijodlariga, umrlariga baraka va qabuliyat bersin!