Yangiliklar

Barcha yangiliklar

YANGILIK

QUR’ON QO‘LYOZMALARI BORASIDA XALQARO ANJUMAN BO‘LIB O‘TDI

Yozuvni kichraytirishYozuvni kattalashtirishHavolani nusxalash

QUR’ON QO‘LYOZMALARI BORASIDA XALQARO ANJUMAN BO‘LIB O‘TDI

Joriy yilning 11–13 noyabr kunlari Istanbul shahrida Turkiya qo‘lyozma asarlar boshqarmasi tomonidan «Qur’on qo‘lyozmalari xalqaro anjumani» o‘tkazildi.

Mazkur anjumanga mahalliy olimlar bilan bir qatorda dunyoning turli mamlakatlaridan Qur’on qo‘lyozmalari borasida tadqiqot olib borgan 30 dan ortiq mutaxassis taklif etildi. Ularning orasida nomusulmon olimlarning ham borligi diqqatga sazovordir. Anjumanda turli yoshdagi tadqiqotchilar va ko‘plab turk olimlari ma’ruzalar qilishdi.

Tadbirda O‘zbekistondan Hasanxon Yahyo Abdulmajid va Oysara Madaliyevalar qatnashdilar. Ma’ruzalar turk, arab va ingliz tillarida olib borildi. Hasanxon Yahyo Abdulmajidning ma’ruzasi Toshkentdagi Usmon Musʼhafining dunyo kutubxonalarida saqlanayotgan varaqlari xususida bo‘lib, olimlar va tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu mavzuda tayyorlangan ilmiy maqola yaqin kunlarda keng jamoatchilikka e’lon qilinishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda ham Qur’on qo‘lyozmalari juda ko‘pchilikni tashkil etadi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barpo qilingan Islom sivilizatsiyasi markazining markaziy zali aynan shunday nodir qo‘lyozmalarga atalgan bo‘lib, u yerda ayni paytda 114 ta eng sara qo‘lyozma musʼhaf saqlanmoqda. Shuningdek, Beruniy kitoblar xazinasida, Diniy idora kutubxonasida, Samarqand muzeyi va kutubxonasida hamda xususiy kutubxonalarda yuzlab Qur’on qo‘lyozmalarini topish mumkin.

Bugungi kunda yurtimizda ilmiy tadqiqotlarga keng yo‘l ochilgan bo‘lib, yoshlar astoydil harakat qilsalar, xalqimizning bebaho boyligi bo‘lgan bu ilmiy xazinalarni butun dunyo bo‘ylab tarannum etish mumkin. Bu borada yurtimizda hali ko‘p yaxshiliklar bo‘lishi umid qilinadi.

Manba