Maqolalar

Saqlanganlar

QABR AZOBI HAQIDA

Hasanxon Yahyo Abdulmajid

Yozuvni kichraytirishYozuvni kattalashtirishMatnni nusxalashHavolani nusxalashSaqlash

QABR AZOBI HAQIDA

Qabr azobi haqidagi tortishuv va dalillarga ko‘zim tushib qoldi. Ularni takrorlamoqchi emasman. Faqat ularda e’tibordan chetda qolgan ayrim nuqtalarni eslatishni lozim topdim.

  • Musulmon kishi e’tiqodni rostlab olishi lozim. Bu esa faraz yoki tuyg‘ular yordamida emas, ilm asosida bo‘lishi kerak.
  • Qabr azobini Alloh taoloning rahmatiga zid, hisob-kitobdan oldingi jazo deb tushunib, uni inkor qilish ilmsiz, faqat tuyg‘ular bilan yondashuvdir. Alloh taoloning mehr-u shafqati cheksizligiga shunbha yo‘q, bunga ishonch va umid maqtovga sazovor bo‘lsa-da, e’tiqod masalalarida U Zotning ta’limotlariga suyanish ishonchliroqdir. Bu borada ilmsizlik tufayli xato qilganlarga hikmat bilan tushuntirish munosibdir.
  • Qabr azobi haqligi ahli sunna e’tiqodida qat’iy aytilgan masalalardan sanaladi. Bunga xilof qilish kishini bid’atga boshlaydi.
  • O‘lim har bir kishining o‘zi uchun oxiratdir. Qiyomatda esa barcha insonlar uchun umumiy oxirat hayoti boshlanadi. Qabrdagi azob-u rohat oxiratning bir qismi sifatida ko‘riladi.
  • Qabr azobi hisob-kitobdan oldin bo‘lsa-da, imtihondan keyin amalga oshiriladi. Munkar va Nakirning savol-javobi imtihon uchun bo‘lib, mayyit bergan javobiga ko‘ra munosabat ko‘radi. Bunda kishi dunyoda kechirgan hayotiga ko‘ra javob berishi xuddi mexanikadek tizimlashtirilgan bo‘lib, yaxshi amallarni qilgan kishilar to‘g‘ri javob beradi, yomon amallilar javob bera olmay qoladi. Shu tarzda kishi o‘z amalining natijasini ko‘ra boshlaydi.
  • Hisob-kitobgacha bo‘lgan qiyinchiliklar mo‘min bandadan gunohlarni yuvadi. Jumladan, qabr azobi ham kishini gunohlardan poklaydi. Qabr mashaqqatida gunohlardan poklanganlar Qiyomat dahshati-yu azoblaridan omonda bo‘ladi. Dunyodagi kasallik va qiyinchiliklar bandani poklash orqali uni keyingi azoblardan saqlagani kabi, qabr azobi ham gunohkor uchun keyingi azob-u uqubatlardan qutulishiga sabab bo‘lishini kishi yaxshi anglasa, qabr azobi aslida ilohiy rahmatdan ekanini tushunib yetadi.

Qabr azobi Qiyomatda bo‘lishi shart emas.

Vallohu a’lam bis savob.