Maqolalar

Saqlanganlar

207 ta maqola

MaqolaQABR AZOBI HAQIDAMaqolaENG KATTA BOYLIKMaqolaO‘QISH BOSHQA, UQISH BOSHQAMaqolaHAR KIM O‘Z QO‘L OSTIDAGILARDAN MAS’ULMaqolaZAMONAVIY XATOLARMaqolaASOSIY MUAMMOMaqolaMAZMUNI QUR’ON BO‘LGAN HAYOTMaqolaZULMGA ROZILIK SIZNI HAM ZULMGA DUCHOR QILADIMaqolaTUYG‘UGA EMAS, ILMGA SUYANISH KERAKMaqolaMODDIY ILMLAR MA’NAVIYAT BERA OLMAYDIMaqolaHURRIYAT MAS’ULIYATDIRMaqolaYECHIM ILMDAMaqolaNOMODDIY QONUNIYATLARMaqolaXABARDOR OVOZA QILMAYDIMaqolaO‘ZBEKNING O‘ZLIGIMaqolaALLOHNING IRODASI G‘OLIBDIR, FAQAT YAXSHILIKDIRMaqolaQOIDALAR BUZILMASIN!MaqolaPARIJDAGI JOME’ MASJID G‘ARBLIKLAR UCHUN HAYOTIY DARS BO‘LISHI LOZIMMaqolaNOMUS SOTILMAYDIMaqolaNIMA SOTSAK SOTDIK, AMMO VATANNI SOTMADIK!MaqolaTO‘LMAS BO‘SHLIQMaqolaTEKIN TOMOSHAMaqolaENG YAXSHI BAYKOT - ISHLAB CHIQARISHDIRMaqolaTIL O‘RGANISH BO‘YICHA TAVSIYAMaqolaRAMAZON DUO OYIMaqolaQUR’ON KO‘ZGUSIMaqolaILOHIY QONUNIYATMaqolaALISHER NAVOIY HOFIZI QUR’ON BO‘LGANMI?MaqolaYAPONIYADA QUR’ON ANJUMANIMaqolaIKKI KO‘NGILMaqolaNOSHUKRLIKMaqolaATEIZM ILM EMASMaqolaFOBIYA VA UNING DAVOSIMaqolaQADRYATLARNI QADRLAGAN QATARMaqolaO‘ZIMIZ DARYO BO‘LAYLIKMaqolaTANQIDMaqolaQAY BIRI MADANIYLASHGAN?MaqolaANDALUSIYADA TA’LIMMaqolaILOHIY IRODAMaqolaO‘ZBEK TILI – DAVLATNING TILIMaqolaMAVLID OYI MUBORAK BO‘LSIN!MaqolaMUSTAQILLIK ULUG‘ NE’MATMaqolaISLOM ALLOHNING DINI, ARABLARNING EMASMaqolaMOZIYGA QARAB ISH KO‘RMOQ XAYRLIDIRMaqolaTASHVISH VA G‘AM PAYTIDA QILINADIGAN MUSTAJOB DUOMaqolaHAR KIM O‘Z ISHINI QILISHI KERAK!MaqolaTEJAMKOR KAM BO‘LMAYDIMaqolaRAMAZON TAJRIBALARIDANMaqolaSALOMATLIK MEZONIMaqolaAMRI MA’RUF VA NAHIY MUNKAR – JAMOATCHILIK NAZORATIDIRMaqolaAG‘YOR ‒ IXLOSNING KUSHANDASIDIRMaqolaHAQIQAT HAQDAN DARAKMaqolaINKORGA SHOSHILMANG!MaqolaMUNOSABATMaqolaYOLG‘ONCHILIK ILLATIMaqolaDINI YO‘QNING VAFOSI YO‘QMaqolaINSON MA’NAVIYATGA HAMISHA MUHTOJ QOLAJAKMaqolaBAYROQ – BIRLIK VA VATAN RAMZIDIRMaqolaUZR, EY ABU JAHL!MaqolaVAFO IYMONDANDIRMaqolaTUZINI YEB, TUZLUG‘IGA TUPURGANLARMaqolaNAFS VA SHAYTONMaqolaSIZLAR NIMA KUTGAN EDINGLAR?MaqolaMEZON BUZILMASINMaqolaTARIX O‘ZINI TAKRORLAYDIMaqolaQISSADAN HISSAMaqolaZULM – ZULMATDIRMaqolaO‘ZINGNIKI BO‘LISHIGA NIMA YETSIN?!MaqolaHOZIR DUO SOATIDIRMaqolaMA’UNAT SO‘NGI NUQTADA BO‘LADIMaqolaDUOLAR NEGA IJOBAT BO‘LMAYAPTI?MaqolaBIZ NIMA QILISHMIZ KERAK?MaqolaTILGA E’TIBOR ‒ ELGA MADORMaqolaDUNYONING BUGUNGI YUZIMaqolaVATAN HAQIDAMaqolaMO‘MINNING BIRINCHI QUROLI HAM, OXIRGI QUROLI HAM DUODIRMaqolaILM VA DINNING MILLATI BO‘LMAYDIMaqolaSABABLAR KESILGANDA...MaqolaO‘ZLIKNI ASRASHDA MUMTOZ ADABIYATIMIZ MUHIM O‘RIN TUTADIMaqolaIBLISNING ISHINI TAKRORLOVCHI BO‘LMANG!MaqolaISLOH HAM, AKSI HAM O‘ZIMIZDAN BOSHLANADIMaqolaOMONAT YOXUD ESLATMA!MaqolaTA’LIM HAQIDA MULOHAZALARMaqolaTARIX OMONATDIR (4-QISM)MaqolaTARIX OMONATDIR (5-QISM)MaqolaTARIX OMONATDIR (6-QISM)MaqolaTARIX OMONATDIR (3-QISM)MaqolaILMNI QADRLASH TARAQQIYOT BOISIDIRMaqolaTARIX OMONATDIR (2-QISM)MaqolaTARIX OMONATDIR (1-QISM)MaqolaTARIX OMONATDIR (7-QISM)MaqolaTIL G‘AMIDAMaqolaALLOH NIMANI IRODA QILSA, YAXSHILIK O‘SHANDADIRMaqolaQUYOSH BILAN BIROVNING ISHI YO‘Q, OYNI ESA TINCH QO‘YISHMAYDIMaqolaFOSIQ XABAR AYTSA, TEKSHIRISHNI UNUTMANGMaqolaISLOHOTMaqolaO‘ZLIKMaqolaGAZMaqolaYASHIL GUMBAZ VA UNDAGI TUYNUKMaqolaILM AHLIGINA «BARHAYOT», QOLGANLAR «O‘LGANLARDIR»MaqolaSOVUQ ‒ SABR ‒ SAVOBMaqolaMINBAR ISSIQMI?MaqolaVATAN HIMOYASI MUBORAK!MaqolaRUVAYBIZALAR ZAMONIMaqolaTEJAMKOR KAM BO‘LMAYDIMaqolaYO‘QOLGAN NARSANI TOPISHDA O‘QILADIGAN DUO VA ZIKRLARMaqolaO‘G‘RINI MENGA ALLOH SO‘ZLATDIMaqolaVOQE’IY HAQIQATMaqolaOTASINING QIZIMaqolaSHAYX ABDULAZIZ IBN ABDULFATTOH QORI SAUDIYADADAGI VATANDOSHLARNING YIRIK ULAMOLARIDAN EDIMaqolaBU TUN...MaqolaMILLIY LIBOS NAMUNASIMaqolaMAVLID OYINI QANDAY O‘TKAZAMIZ?MaqolaILMINI BILMAY GAPIRMANG VA FITNADAN HAZIR BO‘LING!MaqolaLIBOSNING AHAMIYATI HAQIDA O‘YLAR

TEJAMKOR KAM BO‘LMAYDI

Hasanxon Yahyo Abdulmajid

Yozuvni kichraytirishYozuvni kattalashtirishMatnni nusxalashHavolani nusxalashSaqlash

TEJAMKOR KAM BO‘LMAYDI

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir hadislarida shunday deganlar: «Tejamkorlik qilgan kishi kam bo‘lmaydi».

Hozir tejamkorlik haqida gapirilsa, ayrim kishilar tushunib-tushunmay malomatga shoshadi. Aslida bu nabaviy qoida bejizga aytilmagan, barcha zamon va makonda ish beradi.

Biz ko‘pincha mavzuni yuzaki tushunib, gazni tejash desa, kranni ozroq ochishni tushunib olamiz. Aslida tejash juda ham keng tushuncha bo‘lib, uni to‘g‘ri anglab yetilsa, faqat foyda keltiradi, hech qachon e’tirozga sabab bo‘lmaydi.

Isrof manfaatsiz sarfdir. Har qanday isrof shariatda nojoiz. Isrofgarni Alloh suymaydi, chunki bu Uning ne’matini behuda sovurishdir. Isrofning yomon oqibati dunyoda ham, oxiratda ham muqarrar. Tabiiy energiya manbalari ham, ishlangan quvvatlar ham Alloh taoloning ne’matrlaridan, ularni tejash darkor.

Sir emaski, ayni kunlarda gaz-svet muammosi xalq o‘rtasida eng keng muhokama qilinayotgan mavzuga aylandi. Nabiy sollallohu alayhi va sallamga nisbati ishonchli darajada bo‘lmasa-da, ma’nosi to‘g‘ri bo‘lgan bir hadisda: «Musulmonlarning ishlariga ehtimom bermagan holda tong ottirgan kishi ulardan emas», deya marhamat qilinadi. Ya’ni haqiqiy iymon musulmonlarning holidan aylanishni taqozo etadi. Sahih hadislardan birida «Mo‘minlar o‘zaro rahm qilishlari, do‘stliklari va mehribonchiliklarida xuddi bir tanadek – uning bir a’zosi bemor bo‘lsa, boshqa a’zolari ham bedor bo‘lib, issig‘i chiqib, u bilan birga dard chekadi» deyiladi.

Darhaqiqat, mo‘min-musulmon odam boshqalarga befarq bo‘lmaydi. Qo‘shnisi och bo‘lsa, mo‘minning qorni to‘ymaydi. Xususan, ilm ahli bu borada ibrat bo‘lishlari lozim.

Ushbu ma’nolardan kelib chiqib, xalqimizning dardiga ozgina bo‘lsa-da oro kirishiga sabab bo‘lish ilinjida energiyani tejashga oid ayrim shaxsiy fikr-mulohazalarimni ko‘pchilik bilan o‘rtoqlashishni lozim topdim.

Avvalo shuni aytishim joizki, men sohaning mutaxassisi emasman, biroq, oddiy bir iste’molchi sifatida bu borada o‘z xulosalarimni baham ko‘rishni joiz deb bilaman. Mutaxassislar isloh qalami ila to‘g‘rilab, to‘ldirishlarini umid qilaman. So‘zlarim taklif va mulohaza o‘rnida qabul qilinsa, ajabmas, gap egasini topib, xalq uchun biror manfaatga sabab bo‘lsa.

Ochig‘ini aytish kerak, xalqimiz o‘rtasida energiyani tejash borasida ilm asosida, tartibli ish qilish shu paytgacha yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagan. Bu haqda biror joyda salmoqli gapni uchratmaysiz. Binolar, qurilmalar ko‘pincha cheksiz energiyaga moslab qurilmoqda. Masalan, uy, ishxona, masjid va boshqa qurilishlarda energiyani tejash choralari juda ham sust. Hatto uy isitadigan qurilmalar, pechkalarda ham energiyani tejash yaxshi hisobga olinmagan. Boshqa xalqlar energiya tanqisligini oldindan his qilib, uni tejashda musobaqalashmoqda. Bizda esa ayrim tor doirani inobatga olmasa, energiyani tejash hech bir qurilishda risoladagidek emas. So‘zimga misollar keltirsam.

  1. Uy qurishdagi bee’tiborlik. Ko‘p joylarda uylarning himoya qatlami – izzolatsiyasi umuman o‘ylanmaydi. Masalan, viloyatlarda hali ham bir qator uy qurish odati davom etadi. Devorlar yupqa. Aksar ko‘pqavatli binolarda ham ahvol shu, oqibatda xonalar yozda issiq, qishda sovuq bo‘ladi va ulardagi havoni mo‘tadillashtirish uchun qo‘shimcha quvvat sarf etishga muhtoj bo‘linadi, natijada xarajat ham ko‘payadi. Shuningdek, mahsulotni arzon bitirish ilinjida eshik-romlarning zichligi, qalinligi ham zaiflashib ketmoqda. Bu ham energiyani ko‘p sarflashga olib keladi. Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin.

  2. Isitkichlarning isrofi. Oq tunikadan qurilgan yoki boshqa uslubdagi pechlar va qo‘lbola yasalgan boshqa isitkichlarda energiyani tejash qolibilyati yo‘q yoki juda ham kam. Shunday bo‘lsa-da, hanuz ulardan foydalanilmoqda. Zamonaviy katyollarni ko‘ring, mo‘risi yelimdan, chunki katyol 90-95% issiqlikni saqlab qoladi. Biroq, turli sabablar bilan ayrim joylarda hali ham isrofgar pechlar ishlatilmoqda.

Parli isitkichlarni noto‘g‘ri joylashtirish ham ko‘p uchraydi. Katta xonalarni yeridan isitmasa, isitish juda qiyin. Xususan, eski binolarda buni hisobga olishmagan, ularni isitish ortiqcha sarfni taqozo etmoqda.

  1. Xonalarning isitish tizimini markazlashitrmaslik. Viloyatlardagi ko‘p uy-joylarda har uy yoki har ikkita uy o‘rtasiga pechka qurishgan. Agar o‘sha xonalarni issiq suv orqali markaziy isitish tizimi bilan jihozlansa, o‘sha pechkalardan bittasiga ketgan gaz bilan barcha xonani isitish mumkin.

  2. Uylarni o‘ta baland va katta qurish. Bahavo bo‘lsin deb balan-baland, katta-katta uylar quramiz, ammo ularni qishda isitishni, yozda sovutish masalasini o‘ylab o‘tirmaymiz. Germaniyada uylar 3 metr atrofida bo‘lar ekan. Ular buni energiyani tejash uchun deb izohlashadi.

Masjidlarda katta xonaqohlar bor, ularni hamisha issiq ushlashadi. Aslida bu katta xonalar besh mahal namoz uchun zarur bo‘lmasligi mumkin, odatda faqat juma kuni to‘ladi. Haftaning boshqa kunlari kichikrok xonalarda yoki yerto‘lada namoz o‘qib, katta xonaqohni faqat juma kunga isitish ham mumkin.

Bu borada yana boshqa misollarni ham keltirish mumkin, ammo xayolimga kelganlari hozircha shular bo‘ldi.

Energiya tanqisligi mavjud va butun dunyoda bu mummo bor ekan, tanqis narsani ko‘paytirishga urinish uzoqqa bormaydi, vaqtincha chora bo‘ladi, xolos. Haqiqiy yechim esa borini tejash, boridan samarali foydalanish va muqobil omillarni yaratish bilan amalga oshadi.

Buning uchun nimalar qilishimiz kerak?

  1. Energiyani tejash tushunchasini jamiyat a’zolarining ongiga singdirish, har kim o‘zi bilib ushbu tamoyilga amal qilishiga erishish darkor. Buning uchun Islom ta’limotlaridan unumli foydalanish mumkin. Dinimizdagi isrofdan qaytarish, tejamkorlik borasidagi ko‘rsatmalar ayni shu maqsadga xizmat qiladi.

  2. Energiyani tejashni davlat standarti asosida qonun bilan tartibga solish kerak. Buning uchun mutaxassislarni jalb qilish, kerakli bilim, tajribalar ulashish, nazoratni yo‘lga qo‘yish lozim. O‘zi hozirda ham bino qurishda mavjud shartlar bor, ammo ularda energiyani tejash talab darajasida ta’minlangan emas, bunga mavjud binolar yaqqol misol. Shuningdek, bu boradagi mavjud talablar odatda oddiy xalq uchun ishlamaydi, odamlar bilganicha quraveradi. Aslida esa aholining gaz-energiya iste’moli ham juda katta hajmda bo‘lib, bundagi tejamkor sezilarli natija berishi tayin.

Biz odatda isitkichlarni tejamkor, yaxshi qilishga e’tibor beramiz-u, ammo xonalarning himoya qismiga ko‘p ham ahmiyat bermay qolamiz. Aslida esa energiyani ishlab chiqarishdan ko‘ra uni tejash uslubiyati ahamiyatga sazavorroqdir.

  1. Aholini energiyani tejaydigan isitkichlar bilan ta’minlashda davlat tarafidan rejali ishlarni amalga oshirish lozim. Masalan, turbada oqib keladigan gaz bilan ta’minlash uchun uylarning isitish tizimini markazlashtirish va zamonaviy tejamkor isitkichlar bilan jihozlashni shart qilib qo‘yish mumkin. Bu kabi jihozlarni sotib olishga qiynalgan xonadonlarga davlat tarafidan muddatli to‘lov asosida sotib olish imkoniyatlarini yaratish kerak. Agar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, bu tadbir energiya muammosini hal qilishda o‘zini oqlaydi deb o‘ylayman. Gaz hisoblagichni o‘rnatish bo‘yicha qilingan harakatni gazni tejaydigan isitkichlar uchun ham qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

  2. Umuman olganda, energiyani tejash deganda uni shunchaki kam iste’mol qilishga urinish yoki gaz o‘rniga ko‘mir yoqishnigina emas, balki energiyaning samardorligini oshirish, ozidan ko‘p manfaat olish, mavjud energiyani puxta himoyalash uslubiyatini tushunishimiz lozim.

Uy-joylarni qurishda energiyani tejash uchun quydagilarni taklif qilish mumkin:

  1. Devorlarni qalin qilish yoki qo‘shimcha himoya vositalari bilan ularning o‘tkazuvchanligini kamaytirish kerak. Masalan, PPJ, oddiy po‘kak yoki stiklovata bilan devorni tashqaridan qoplash mumkin.

Oldinda bizda uylarning devorlari qariyb bir metr bo‘lgan. Qadimgi masjid va uylarni ko‘ring, devor paxsa bo‘ladimi, g‘ishtli bo‘ladimi, juda ham qalin. Shuning uchun ular ozgina o‘tin yoki sandalning (tapchan) cho‘xi bilan bilan ham issiyvergan. Bitta sham bilan isiydigan hammomlar bo‘lgani bejizga emas. Ha, u paytdagi odamlar mavjud imkoniyatdan to‘liq foydalanishga bilim asosida harakat qilishgan. Biz esa bu haqda umuman o‘ylamay qo‘yganmiz, chunki energiyani cheksiz sarflashga o‘rganib qolganmiz. Holbuki, hozirda uy qurishdagi imkoniyatlar oldingiga nisbatan bir necha barobar oshgan. Binoning devorini qalin qilish shart emas, zamonaviy vositalardan foydalanish mumkin. Ko‘pqavatli binolar, yangi qurilayotgan kotejlar, xususiy uy-joylarni qurishda ham bunga e’tibor berish lozim.

Ba’zan oldingilar qanday qilib gaz-svetsiz yashashgan ekan, qanday qilib o‘tinni yetkazishgan ekan, deb qolishadi. Gap shundaki, ular bu muammoni uyni qurishdayoq hisobga olishgan, energiyani saqlash yo‘llarini qidirishgan.

  1. Uylarni bir-biriga yondosh qurish. Shaharda ancha yaxshi, ammo viloyatlarda hali ham bir qatorlik uylar qurish odat hisoblanadi. Bunda ularni isitish ikki barobar qiyin bo‘ladi. Uylarni majmua shaklida qurishda ham energiyaning samaradorligi oshadi.

  2. Uylarni ortiqcha baland qurmaslik kerak. Katta xonani isitish ham, sovutish ham ko‘p quvat talab qilishi tabiiy. Uyni ko‘tarishda energiyani tejash masalasini o‘ylab qo‘yish lozim. Kerak bo‘lsa, qishlash uchun alohida kichik xonalar qursa arziydi.

Germaniyada uylar odatda 3 metrdan oshmas ekan. Ular buning sababini energiyani tejash bilan izohlashadi.

  1. Uylarni isitishda ularning mustaqilligini ta’minlash. Bu mulohaza hammaga ham tegishli bo‘lmay, ko‘p qavatli va ko‘p xonali uy-joylar qurgan kishilarga xos, bunday binolar borgan sari ommalashib borayotgani esa sir emas. Ammo odatda bu xonalarning hammasi ham kundalik hayotda ishlatilmaydi. Ba’zilar tepa qavatga bir oyda bir chiqadi, ayrim xonalarni umuman ishlatmaydi. Ammo isitganda hammasini teng isitaveradi, chunki tizim shunday qilingan. Aslida keragidan ortiqcha qatorlagan xonalar qurishga berilmaslik kerak. Agar o‘shanday xonalar bo‘lsa, ularni isitishda tejamkorlik lozim: har bir qavat yoki har bir xonaning isishini mustaqil boshqaruvga moslashtirish darkor. Katta xonalarni albatta yerdan isiydigan qilish lozim.

  2. Masjidlardagi isitish tizimini ham tejamkor uslubda qilish kerak. Masalan, katta xonaqohlarni juma kuni uchun ishlatib, kundalik besh mahal namozga kichikroq xonalar, yerosti xonalarni ishlatsa bo‘ladi. Bu hol qishning sovuq kunlariga xos tadbir bo‘lib, havo mo‘tadil bo‘lganda istalgan xonada namoz o‘qish mumkin.

Turkiyada ayrim katta masjidlarda kundalik namozlarda oldingi 5-6 safning yeri isir ekan, chunki besh mahal namozda jamoat o‘shandan ortmas ekan. Demak, katta xonaqohlarning yerini isitish tizimini ham ana shunday bo‘laklarga ajratish mumkin. Bu ham energiyani ancha-muncha tejab beradi.

  1. Uy-joylarni qurishda elektor energiyasini tejashni ham hisobga olish lozim. Tokning pulini to‘lashga uy egasining sharoiti bemalol bo‘lishi mumkin, ammo energiya cheklangan, uni boshqalarga yetishi uchun ham tejash lozim.

Elektor energiyasini tejashda shahardagi ortiqcha chiroqlar o‘rniga avvalo odamlarning uylarini isitishni joyiga qo‘yib qo‘yishni ham eslab o‘tish joiz. To‘g‘ri, zamonaviy dunyoda shaharlarni chiroqlar bilan bezash urf bo‘lgan, biroq bu ish uylarini isitib bo‘lgan kishilarga yarashadi. Ammo uylarda chaqaloqlar va ularning onalari sovuqdan titrab turgan, shifoxonalarda bemorlar qiynalib yotgan bir paytda shaharlarni rangdor chiroqlar bilan ziynatlash o‘rinsiz ishdir.

Svetni tejash xonadonda ham e’tibor berilishi kerak bo‘lgan ishlardandir. Bu borada yoshlarga maktablarda ham, uyda ham ta’lim berish, buni isrofdan qochish ma’nosida qilish savobli ish ekanini uqtirish mumkin.

Shu va shu kabi talablarni davlat tomonidan, qonun asosida talab qilish orqali uy-joylarni isitishda energiyani yaxshigina tejash mumkin.

Yana bir gap. Gaz tabiiy boylik, uni hech kim yo‘qdan bor qila olmaydi, ko‘paytirib bo‘lmaydi, Allohning berganiga rozi bo‘lasiz, tamom. Shu bois, buyog‘iga muqobil energiya manbalarini yaxshilash, kuchaytirish kerak. Masalan, elektor toki ishlab chiqarishni rivojlantirib, isitish tizimlarini tokka moslashtirilsa, katyollar tokda isib tursa, odamlarning gazga bog‘liqligi ham keskin kamayadi.

Bugungi kunda dunyo mamlakatlari jahon hamjamiyatida o‘z o‘rniga ega bo‘lishga, aholini og‘ir mehnatlardan xalos bo‘lib, oson, zamonaviy hunarlar bilan ta’minlash borasida musobqalashmoqda. Biz esa hali ham uyni isitish g‘amidan xalos bo‘lganimizcha yo‘q. Bu borada soha egalari farzi kifoyani zimmalariga olgan hisoblanib, xalqning energiyaga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish uchun bor imkoniyatni ishga solishga mas’uldirlar. Ular o‘z ishlarida fidoiylik bilan, ilm bilan yondashishlari ham farz, ham qarzdir.

Alloh taolo el-yurtni tinch-omon aylab, xalqimiz hayoti yana ham faravon bo‘lishini, mamlakatimiz har jihatdan taraqqiyot topgan o‘lkalardan bo‘lishini oson aylasin va bu yo‘lda chin dildan xizmat qilayotgan vatandoshlarimizni to‘g‘ri yo‘lga solib, sobit etib, maqsadlariga muvaffaq aylasin.