She’rlar

Saqlanganlar

BOSHLADIM

Husaynxon Yahyo Abdulmajid

Yozuvni kichraytirishYozuvni kattalashtirishMatnni nusxalashHavolani nusxalashSaqlash

BOSHLADIM

Qachonki men Sendan so‘zlay boshladim, O‘zim unutganim eslay boshladim.

Aybning haddini bildim shu onki, Aybni o‘zimga to‘nkay boshladim.

O‘zgani o‘nglamoq bo‘ldim, chap ketdi, Eng o‘ngi o‘zimni o‘nglay boshladim.

So‘zingni o‘zimga o‘ngladim, kuydim, O‘zimni So‘zingga o‘nglay boshladim.

O‘zimni istadim, topdim shu damki, O‘zimdan O‘zingni izlay boshladim.

Qabrga hozirlik ko‘rishlik uchun Vujudim qabrda anglay boshladim.

O‘zimdan o‘zimga ulush qolgancha O‘zingdan haydading, bo‘zlay boshladim.

Men bormi, Sen yo‘qsan, Sen bormi, men yo‘q, Seni deb «men»imni ilg‘ay boshladim.

Yashash-chun kurashib, yashay olmagach, O‘zimni o‘ldirdim, yashay boshladim.

O‘zimdan o‘tganin o‘zim bildim-u «O‘zimdan o‘tdi» deb yig‘lay boshladim.

16.07.1440