She’rlar

Saqlanganlar

MUHADDISLAR

Hasanxon Yahyo Abdulmajid

Yozuvni kichraytirishYozuvni kattalashtirishMatnni nusxalashHavolani nusxalashSaqlash

MUHADDISLAR

Bu olam ichra sizdir zubdayi[1] inson, muhaddislar. Yana din ilmi qasri ichra siz sulton, muhaddislar. Tavorix qalʼasida boʻldingiz posbon, muhaddislar. Erur past martabangiz oldida osmon, muhaddislar. Nechukkim, shayxingiz ‒ Paygʻambari Rahmon, muhaddislar.

Rasuldan ilm-u hikmat qoldi meros, sizlar oldingiz, Sochilgan erdi durlar, siz terib sandiqqa soldingiz, Qoʻshilgan tosh-u tuproqlarni undan mahv etoldingiz, Buning-chun yurt kezib, na charchadingiz yoki toldingiz, Nabiyga boʻldingiz chin bovafo oʻgʻlon, muhaddislar.

Nabiy merosiga dushman eli koʻp hamlalar etmish, Havo ahlin buzuq afkoridan turli zarar yetmish, Biri oʻzgartirib soʻzni, biri yolgʻon hadis bitmish, Valekin oftobingiz porlagach, bori kuyib ketmish, Topolmas qadr sizdek koʻkdagi Tobon[2], muhaddislar.

Hama tarix-u siyrat ahliga siz boʻldingiz ustoz, Faqihga qayda sizsiz ijtihod osmonida parvoz?! Usuliy[3] oldingizda oʻltirar ushlab qalam-­qogʻoz, Yozib Qurʼonga tafsir ilk bor, siz boʻldingiz mumtoz, Haqingiz boʻldi ummat uzra bir ummon, muhaddislar.

Tizildingiz Rasulning poyin ushlab xuddi marjondek, Zamon charxini ojiz qoʻydingiz mushtahkam arqondek, Yetib ummatga sunnat bexatar tomirdagi qondek, Himoya etdingiz bu durni goʻyo tandagi jondek, Agar taʼrifingiz etsam, boʻlar doston, muhaddislar.

Bor ermish ushbu mulk ichra shahanshahlar shahanshohi, Topolmas hadd-u imkon hech kishi boʻlmoqqa hamrohi, Bashorat topdi Haqdan, mustajob boʻldi mudom ohi, Muhammad ibn Ismoil, Buxorodir qadamgohi, Uning fazliga birdek keltirar iymon muhaddislar.

Hadis ilmida dunyo ahliga peshvo Buxoriydir, Farosat, bilm-u hikmat, hifzda yakto Buxoriydir, «Sahih» bitmoq usulin aylagan barpo Buxoriydir, Ishonchda etgan ikkinchi kitob imlo Buxoriydir, Bularning hech biriga topmadi imkon muhaddislar.

«Sahih»in yozdi soʻngra «soniyasnayn»[4], yaʼni ul Muslim, Uning tartib-u taʼlifi muhaddislarga bir taʼlim, Boʻlib fahm-u mahorat, aql-u idrokiga el taslim, Buxoriyni qilib tasdiq, soʻzin gar aylasa taqdim, Egar bosh, ittifoq oʻlmish, deyib shayxon, muhaddislar.

«Sunan» yozmoqda mohirdir Abu Dovud Sijistoniy, Uning tartibini ilm ahli derlar ayni osmoniy, Demishlar bu kitobni din uchun bir ahdi iymoniy, Uning mislini hargiz koʻrmamishdir dunyayi foniy, Qabul etgay, agar u aylasa farmon, muhaddislar.

Muhammad ibn Iyso Termiziy ham bir sunan yozmish, Faqihlar fiqh bitmoqlikda undan orqada qolmish, Boʻlib mazmuni ravshan, barcha undan foydalar olmish, «Hasan» bogʻiga bu mulk ichra eng avval asos solmish, Topolmabdir uningdek koʻzlari giryon muhaddislar.

Keyingi eng sahih toʻplamga kelmish «Mujtabo» deb nom, Uni Ahmad Nasoiy sayladi, Haqdan boʻlib ilhom, Topilmas unda hech roviylar ichra illat-u badnom, Agar bilsangiz, ushbu beshta ustun uzradir Islom, Ularga poydevor aylar emish Qurʼon muhaddislar.

Choʻzib boʻy «Oltilik»ka chiqdi bir alloma Qazvindan, Tuzibdir bir sunan, behojat ermish madh-u tahsindan, Goʻzaldir tartibi ham xolidir takror-u taxmindan, Xulosa ‒ boʻldi oʻz daʼvosining haqdori haq-­chindan, Uni koʻrgach, demishlar «qolmadi armon», muhaddislar,

Jahonga qoʻydi oʻt yogʻdu sochib Molik «Muvatto»si, Nechukkim, boʻldi «Dorus­ sunna»ning[5] bir durri yaktosi, Hadis mulkini zabt etmish, agar fiqh erdi daʼvosi, Faqihlar, mujtahidlar ushbu durning boʻldi shaydosi, Bilar nurni Haqdan hujjat-u burhon muhaddislar.

Samarqand maktabidan chiqdi ustoz Dorimiy hazrat, Buxoriy, Termiziylardan-­da boʻlmishdir anga sabqat[6], Tuzibdir turfa bir toʻplamki, undan uygʻonib hayrat, Birov «musnad», «sahih» der, boshqasi bermish «sunan» nisbat, Deyurlar sohibin chun, hofizi davron, muhaddislar.

Sahihlar gulshanin toʻldirdi ul alloma Bin Hibbon, Uning guldastasi birlan muzayyan boʻldi bu boʻston, Boʻlib bu gullarining rang-u roʻyi, boʻyi ming alvon, Darak bergayki beshak, qanchalar mohir oʻshal bogʻbon, Uning taʼrif-u tavsifidadir hayron muhaddislar.

Ki­, ey siz bu ilm osmonida yulduzdek oshkora, Demay yulduzki, Kun atrofida toʻqqizta sayyora, Bir olam har biringiz, balki, undan katta yuz bora, Butun insoniyatga nuringizdan oʻzga yoʻq chora, Agar siz boʻlmasangiz, barchamiz sarson, muhaddislar.

Bugun bizlar jaholat zulmati ichra ziyo izlab, Yurakni oʻrtarar dard-u alamlarga davo izlab, Koʻngillar ichra oʻrnashgan kasallarga shifo izlab, Qonarmu tashnalik deb ham izingizdan navo izlab, Turibmiz ositonangizda bu alvon, muhaddislar.

Erur maqsad bu dam ‒ ushbu toʻqiz maxzanni keltirsak, Ularning durlarin oyinamizda aks ettirsak, Hayotbaxsh nurlarin bu yurt elin koʻngliga yetkazsak, Rasul merosidan ummatlarini bahravar etsak, Nechukkim, sizga ikkinchi Vatan ‒ Turon, muhaddislar.

Demay toʻqqiz xazina, asli ganjin silsilangiz bu, Bu olma ichra eng sof, shubhasiz, chin silsilangiz bu, Kalomullohga yoʻldosh, quvvati din silsilangiz bu, Hadis mulkida beshak-­shubha «Oltin silsila»ngiz bu, Uni taqmish boʻyinga aylabon marjon muhaddislar.

Iloho, barcha oʻtgan ul muhaddislarni rahmat et, Hayot vorislarin hifz-u himoyang ichra izzat et, Bu ojiz qullaringning ishlariga fath-u nusrat et, Rasulingning shafoat naqdiga bu ishni illat et, Umid aylarki Sendan, biz kabi, rizvon[7] muhaddislar.

[1] Zubda ‒ biror narsaning sarasi, eng yaxshisi.

[2] Tobon ‒ Oy yoki Quyosh.

[3] Usuliy ‒ usuli fiqh ilmi bilimdoni, shu ilm bilan shugʻullanadigan odam.

[4] «Soniyasnayn» ‒ ikkitaning biri, ikkitaning ikkinchisi. Bu yerda hadis ilmidagi eng buyuk ikki kishining biri, aniqrogʻi, ikkinchisi mazmunida. Bu ibora Qurʼonda Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam va Abu Bakr roziyallohu anhu ikkovlariga nisbatan ishlatilgan.

[5] «Dorus­ sunna» ‒ «sunnat diyori», Madinayi Munavvaraning nomlaridan biri.

[6] Sabqat ‒ oldin oʻtganlik, ildamlik.

[7] Rizvon ‒ Allohning roziligi; jannat.