She’rlar

Saqlanganlar

MUHAMMAD MUSTAFO

Hasanxon Yahyo Abdulmajid

Yozuvni kichraytirishYozuvni kattalashtirishMatnni nusxalashHavolani nusxalashSaqlash

MUHAMMAD MUSTAFO

Ayo, Haq tanladi Sizni hama ahli safolardan, Ko‘tardi rutbangizni anbiyo-yu avliyolardan, Mukarram ayladi dunyoda barcha podsholardan, Erur chun xoki poyingiz baland arsh-u samolardan, Emasmiz garchi xoli jurm-u isyon-u xatolardan, Yuzingizni o‘girmang, Mustafo, bizdek gadolardan.

Jaholat, zulm-u zulmat ichra erdi jumla insonlar, Xurofot, shirk-u bid’atlarga chalkash erdi iymonlar, Ayol zotin bilib ishrat matosi yoki shaytonlar, Huquq yo‘q, ma’rifat yo‘q, ham oqardi begunoh qonlar, Bari mahv o‘ldi qalbingiz taratgan ul ziyolardan, Muhammad Mustafo, yuzni o‘girmang biz gadolardan.

Hama umr ichra ko‘ngillarga ezgulik ulashdingiz, Hamisha ilm-u iymon, yaxshilik donini sochdingiz, Bani odamni jannatga yetirmoq-chun kurashdingiz, Haqiyqatni baland etmoq yo‘lida jonni tikdingiz, Hayotingiz iborat bo‘ldi bu mehnat, jafolardan, Muhammad Mustafo, yuzni o‘girmang biz gadolardan.

Ishonmay Sizga tuhmatlar qilibdur bir necha nodon, Gahi sohir, gahi oqil deyib, gah aytdi deb yolg‘on. Bari yo‘q bo‘ldi, lekin barhayotdir sunnat-u Qur’on, Buni anglab yetar, kim gar taammul aylasa bir on. Yetibdur sizga ko‘p ozorlar ahli havolardan, Muhammad Mustafo, yuzni o‘girmang biz gadolardan.

Nechukkim, bo‘ldingiz bir nur-u rahmat ikki dunyoga, Jami’i ins-u jinni da’vat aylab diyni g‘arroga, Yetib bu diyn nuri bahr-u bar, daryo-u sahroga, Munosib bo‘ldi ummat jannati Firdavs-u Ma’voga, Omonlik topdilar turli mashaqqat ham jazolardan, Muhammad Mustafo, yuzni o‘girmang biz gadolardan.

Munavvar bo‘ldi yurtim siz tufayli ham go‘zal, obod. Olib ham tarbiyangiz topdi xalqim xulqi xush, odob. Yetishdi oqibat ilm-u amalda misli yo‘q avlod, Hama dunyo eliga bo‘ldilar har sohada ustod. Kim etsa iqtido sizga, bo‘libdur muqtadolardan, Muhammad Mustafo, yuzni o‘girmang biz gadolardan.

Ne baxtki, Haq taoloning O‘zi sizga xalil o‘lmish, Uning mo‘jiz Kalomi to abad Sizga dalil o‘lmish, Sizni kim xo‘rlar istar, ikki dunyoda zalil o‘lmish, Valekin sha’ningiz oncha mukarram ham jalil o‘lmish, Agarchi bo‘lmadik sizga bu dam ahli vafolardan, Yuzingizni o‘girmang, Mustafo, biz benavolarlardan.

Qachon ergashdi ummat doimo Qur’on-u sunnatga, Kurashdi jon-u moli birla qarshi shirk-u bid’atga, Erishdi oqibatda o‘xshashi yo‘q kuch-u qudratga, Muvofiq bo‘ldi oxir ya’ni «kuntum xoyro ummat»ga, Jahon uyg‘ondi Sizdan yangragan qaynoq nidolardan, Yuzingizni o‘girmang, Mustafo, biz benavolardan.

Valekin ushbu kun biz ummatingiz xobi g‘aflatda, Topolmay bir yorug‘lik notavonmiz jahl-u zulmatda, Umid – ul va’dayi Haq: qolmagaymiz ushbu holatda. Erurmiz oldingizda qilmishimizdan xijolatda, Emasmiz garchi xoli jurm-u isyon-u xatolarlardan, Yuzingizni o‘girmang, Mustafo, biz benavolardan.