She’rlar

Saqlanganlar

SINVONIM HUSAYN

Hasanxon Yahyo Abdulmajid

Yozuvni kichraytirishYozuvni kattalashtirishMatnni nusxalashHavolani nusxalashSaqlash

SINVONIM HUSAYN

Mushfiqim, ulfat, ukamjonim Husayn, Chin qorindoshim, jigarjonim Husayn.

Gar tilovat etsa, ko‘ngillar asir, Aylasa inshod, xushxonim Husayn.

So‘zlasa, dillar erib, vijdon turar, Ul masihanfos suxandonim Husayn.

Va’zi aql-u ruhga zo‘r ozuqadir, Ko‘zga nur-u dilga darmonim Husayn.

Totdi yoshlikdan necha dard-u alam, Misli Ayyub dardga polvonim Husayn.

Qalbi yonmish doimo Haq ishqida, Bo‘ldi elga shamsi tobonim Husayn.

Bo‘yla o‘ngi ichida, botinparast, Sidq-u siddiq, mehri pinhonim Husayn.

Bitsa ash’or, bo‘ysunar vazn-u aruz, Sursa barmoq, sheri davronim Husayn.

Fiqh-u tafsir-u hadis, ilmi suluk, Fors, arab tilga bilimdonim Husayn.

Yo‘q akam, o‘tmish otam, ketmish onam, Mahv etibdir barcha armonim Husayn.

“Yo”si tasg‘irdan emas, ta’zim uchun, Oxir-u sobiq Sulaymonim Husayn.

So‘zlasam vasfin tamom, topmas tamom, Bo‘lgusi eng yaxshi dostonim “Husayn”.

Yo Rab, et umrin uzun, jismin butun, To abad bo‘lsin mening yonim Husayn.

Jonim ul “yo”i xitobidan tirik, Olsa, illo olgusi jonim Husayn.

Bu Hasan bo‘lmish Husayn birlan butun, Xonumonim, juft-u sinvonim Husayn.

28.10.2025 AQSH

Izoh: «Sinvon» bir ildizdan chiqqan ikkita xurmo daraxti. U aka-uka, tugʻishgan, oʻxshash, monand maʼnolarini anglatadi. Soʻzning tuzilishi ikkilik siygʻasiga monand boʻlgani bois, asli bir boʻlib, bir-birini tutib, toʻldirib turgan egiz, juft, oʻxshash narsalarga ishlatiladi.  Bu soʻz Qurʼoni karimda kelgani bilan ham ahamiyatli.