She’rlar

Saqlanganlar

YURTDOSH

Husaynxon Yahyo Abdulmajid

Yozuvni kichraytirishYozuvni kattalashtirishMatnni nusxalashHavolani nusxalashSaqlash

YURTDOSH

Hijoz. Yasrib. Toshloq bir diyor, Yurar unda turli el yashab, Yahudiy-u nasroniy dindor, Musulmon-u mushrik sof arab.

Nabiy keldi muhojir boʻlib, Shu tuproqda topdilar panoh, Shahar ketdi nurlarga toʻlib, «Madina» deb nomlandi shu goh.

U elparvar – olam sarvari, Butun yurtdan oldi ahd-paymon: «Nomusulmon, musulmon – bari Shu vatanda bir tan-u bir jon!»

Huquq-burchi teng har yurtdoshning, Totuv yashar hamma vatandosh, Qismati bir bunda har boshning, Bu vatanda barcha yelkadosh.

Yovlar yurtga hujum qilganda Chiqdi ansor, muhojir – bari, Rasul yurtlar kezib qaytganda Oshiqardi Madina sari.

Oʻz vatanin sevmoq bu – fitrat, Oʻz onasin sevgandek odam, Tugʻishganlik – tabiiy neʼmat, Shunday boʻlar vatandoshlik ham.

Yurtdoshimsan, mayli, sen kimsan, Ey yurtimning erka farzandi, Dindoshimsan, gʻayridinimsan, Ashrafimsan sen mening andi.

Yo Rab, yovga yuzlantirsang ham, Xoinlardan asragin biroq! Oʻzing olgin bagʻringga tanam, Kindik qonim toʻkilgan tuproq!