She’rlar

Saqlanganlar

OMONXONA QISHLOG‘I TAASSUROTLARIDAN LAVHA

Husaynxon Yahyo Abdulmajid

Yozuvni kichraytirishYozuvni kattalashtirishMatnni nusxalashHavolani nusxalashSaqlash

OMONXONA QISHLOG‘I TAASSUROTLARIDAN LAVHA

Bu foniy jahon ichra Bir dona Omonxona, Dunyo g‘am-u dardidan Begona Omonxona.

Bu yurtga Xudo bermish, Suvini Garob dermish, Rizqiga sabab ermish, Sharqona Omonxona.

Kimki jigari bemor, Tib ersa unga bekor, Bil, dardiga darmonkor Yaktona Omonxona.

Kimning kasalidir qand Yoki o‘tidir dardmand, Bas, kelsin, agar harchand, Tibxona Omonxona.

Chor atrofi tog‘ – haybat, Bir kosa kabi hay’at, Sone’dan erur san’at, Koshona Omonxona.

Kim ko‘ngli esa mahzun, Shod aylaguchi afsun, Husniga qilib maftun, Jonona Omonxona.

Duoba-yu Zovboshi, Tomchibulog‘-u toshi, Sodiq esa yo‘lboshi, Ostona Omonxona.

Bir toza havosi bor, Ming turfa navosi bor, Kelganga davosi bor, Durdona Omonxona.

Bor maqbara, xilxona, Ish yaxshi duoxona, Bo‘lmishdir eshonxona, Devona Omonxona.

El to‘g‘riko‘ngil, soda, Ichmaslar emish boda, Ko‘p ermish eshonzoda, Farzona Omonxona.

Sen dorul omon bo‘lgin, Har doim omon bo‘lgin, El jismiga jon bo‘lgin, Bo‘l ona, Omonxona.

Hech qo‘yma yomon xona, To bo‘lma yomonxona, Bo‘l butkul omonxona, Har xona omon xona.

Mas’ud-u Husaynxondan, Ham do‘sti Kamolxondan, Dil so‘zi senga jondan, Do‘stona, Omonxona!

28.08.1434