
USTOZLAR
Husaynxon Yahyo Abdulmajid
USTOZLAR
Assalom, ey rahnamo ustozlar, Din-u elga peshvo ustozlar, Jahl dardiga davo ustozlar, Bor boʻlinglar doimo, ustozlar.
Chun vujudga keldi Odam xilqati, Ilmiga bosh egdi Jibril millati, Ilm bermoq boʻldi, bas, Haq sunnati, Bu sifatlar sizda jo, ustozlar.
Togʻ bera olmas ilm yukiga tob, Bir harf taʼlimida togʻdek savob, Togʻcha tillo bersa, kim aylab hisob, Haqqingiz boʻlmas ado, ustozlar.
Dunyaviy yo uxraviy boʻlmas bilim, Nafi boʻlsa, bas, u – rabboniy ilm, Benasibdir kimda yoʻq taqvo, hilm, Ilmsiz yoʻqdir ziyo, ustozlar.
Sayfi rabboniy qoʻlingizda qalam, Oʻtga tushmas siz tomon yurgan qadam, Darsxona bu mahal baytul haram, Siz haramda muqtado, ustozlar.
Millat ustida haqingiz beqiyos, Er-xotin, yaxshi-yomon-u om-u xos, Ikki olam baxti ilm ichra xolos, Sizga taʼzimlar bajo, ustozlar.
Bu ulugʻ bir rutba, ham masʼuliyat, Elga bermoq dohi(y)lar majburiyat, Feʼl-u soʻzingiz bizing-chun tarbiyat, Sizga bizdan iqtido, ustozlar.
Xizrni topdi ilm izlab Kalim, Ilm uchun himmat kerak, sabri azim, Chunki «favqo kulli zi ilmin alim», Bunda siz ibratnamo, ustozlar.
Vasfingiz soʻz birla hech boʻlmas tamom, Sizni maqtar to abad moʻjiz Kalom, Bu magar bir ojizona ehtirom, Umidim – sizdan duo, ustozlar.